Farididdin Attor hikmatlari, eng sara hikmatlar to’plami

Farididdin Attor (1148-1220) — yirik tasavvuf olimi va shoiri, “Mantiq ut-tayr”, “Xusravnoma”, “Ilohiynoma” kabi ko‘plab asarlar muallifi.


Inson ichida eng ablah inson,
Nafs-havo ketidan bo‘ladi sarson.
      
O’g‘ilginam, totimagil baxil nonidan,
Uzoq bo‘l, baxilning dasturxonidan.
      
Kishilarga boqsang noz-ne’mat kuni,
Yetishar dodingga mashaqqat kuni.
      
Nokas eshigiga qadam qo‘ymag‘il,
Duch kelganda hatto holin so‘rmag‘il.
      
Qo‘y ta’mani, bor esa senda tamiz,
Shubhasiz, el ichra bo‘lg‘aysan aziz.
      
Quvvatim borida foydam bilmadim,
Tushungan vaqtimda kuchim bo‘lmadi.
      
Keksalarni etsang azizu hurmat,
Seni ham keksaygach, etishar izzat.
      
Har kimki poknazardir, jahonda mo‘tabardir.
      
O’z tili tagida faxriydir odam.
      
Har kimki dilozordir,
Hayoti ohu zordir.
      
Kimki kekkayar manmanlik bilan,
Do‘stlari oxiri bo‘lishar dushman.
      
Mutakabbir bo‘lishdan o‘zingni saqla. Takabburlik — johillar odati, aqlli odamlar mutakabbir bo‘lmaydilar.
      
Kim g‘amli kunda yoru mungdosh bo‘lur,
Shodlik kuningda tag‘in yo‘ldosh bo‘lur.
      
Ikki kishidan sen yashirma darding:
Biri tabib erur, biri — hamdarding.
      
Kimki dushmandan qilmadi hazar, Oqibat undan ko‘radi zarar.
      
Xo‘mrayib har kimsa achchiq so‘zlagay,
Do‘stlari undan qochishni ko‘zlagay.
      
Kim agar do‘stlar bilan yakdil bo‘lur,
Barcha maqsudi aning hosil bo‘lur.
      
Parvona otashdan huzur topsa gar,
Kuysa ham hech qachon etmaydi hazar.
      
G’amgin qaro kunda kim senga yor,
Shodlik kuningda ham unutma zinhor.
      
Bo‘shamasa tili g‘iybatdan,
Bo‘shamaydi dil uqubatdan.
      
To‘rt narsani to‘rt narsadan, ya’ni dilni hasaddan, tilni yolg‘ondan va g‘iybatdan, qilgan ishingni munofiqlikdan, qorningni harom-harishdan pok tut, shundagina chin odam hisoblanasan.

Manba: islom.ziyouz.com

Если вам понравилась статья, поделитесь ею с друзьями в социальных сетях.
Sirlar.uz