Chala mullalar haqida maqollar

Chala mullalar haqida maqollar

Baxshi to’rda yaxshi,
Mulla — go’rda.

Baxshiniki «hay» bilan,
Mullaniki «voy» bilan.

Butoqda xo’roz qichqirar,
Mezanada — so’fi.

Da’vo qilma domladan,
Qarzdor bo’lma so’fidan.

Domla-imom och qolsa, bozor kezar,
So’fi och qolsa — mozor.

Yog’ochning yomoni — so’qi,
Odamning yomoni — so’fi.

Ikki mulla — bir kishi,
Bir mulla — yorti kishi.

Mol ko’paysa, barakat ortar,
Mulla ko’paysa — oyat.

Mulla bilganin o’qir,
Qarg’a ko’rganin cho’qir.

Mulla-imom xotin bilan o’ynar,
Illatini qavmi tortar.

Mulla, mullaning ishi — hiyla.

Mulla palovga o’ch,
Bangi — olovga.

Mulla soqoliga oro berar,
Lo’li — zulfiga.

Mulla folbinni ko’rolmas,
Eshon — ikkalasini ham.

Mulla holvani ko’rsa,
Qur’onni unutar.

Mullaga bersang, oldim demas,
Ko’rga bersang, ko’rdim demas.

Mullani mozorda ko’r,
Dallolni — bozorda.

Mullaning aytganini qil,
Qilganini qilma.

Mullaning sallasi oq,
Yuragi — qora.

Mullaning saxiyligi — tilida.

Mullaning semizidan qo’rq,
Tabibning — orig’idan.

Mullaning qorni ochsa, nomozi tugar.

Mullasi ko’p elning to’qlisi haromga chiqar.

«Nun» — mullaga chanoq un.

Olio berganni mullo bermas.

Savodsiz mullaning sallasi katta.

Sallaga boqma, kallaga boq.

So’fi kavush o’g’irlar,
Eski choponni o’g’ri qilar.

So’fi so’g’on yer,
Topilsa, yo’g’on yer.

Xo’ja, mulla el buzar,
Cho’p-chor yer buzar.

Eshak Makkaga borib hoji bo’lmas.

Hamma hamma bilan,
Mulla g’umma bilan.

Если вам понравилась статья, поделитесь ею с друзьями в социальных сетях.
Sirlar.uz