Is bosgan tillalar — Islomiy hikoya

Is bosgan tillalar - Islomiy hikoya

Imom Abdurazzoq «Musannaf»da (11/470), Ya’qub ibn Sufyon «Ma’rifat va tarix» kitobida (1/708) va boshqalar sanadlari bilan mashhur tobeinlardan bo‘lgan imom Tovus ibn Kayson haqida quyidagi hikoyani keltiradilar:
Amirlardan biri Muhammad ibn Yusuf Saqafiy yoki uning qo‘l ostidagi voliylardan biri bo‘lgan Ayyub ibn Yahyo o‘z xizmatchilaridan biri qo‘liga ichida 500 dinor tilla tanga solingan hamyon (xaltacha) tutqazib, unga:
— Tovusga olib borib ber, olishga ko‘ndirolsang, bosh-oyoq sarpoga ega bo‘lasan, — dedi.
Xizmatchi Tovus oldilariga borib harchand urinmasin, imom «pulga ehtiyojim yo‘q» deb tillalarni olmadi. U Tovusning ko‘zini shamg‘alat qilib, burchakda turgan bir eski ko‘za ichiga irg‘itdi-da, chiqib ketdi va boshlig‘iga «oldi pullarni» deb xabar berdi.
Bir qancha fursat o‘tgach, Tovusning ularni tanqid qilgani haqida xabar yetdi. Ular xizmatchilaridan birini jo‘natib:
— Tovusga ayt, bizning pulimizni qaytib bersin, — deyishdi.
Xizmatchi Tovus oldiga kelib:
— Amirimiz aytayaptilar, olgan pulni qaytib berarkansiz, — dedi.
— Men ulardan pul olganim yo‘q, — deb javob berdilar.
Shunda ular Tovusning to‘g‘riso‘zligini bilganlari sababli pulni olib borgan xizmatchini chaqirtirdilar. Xizmatchi Tovus oldiga kelib:
— Ey Abu Abdurahmon, men tashlab ketgan pulni olgali keldim, — dedi. — Men qo‘lingdan pul olganmidim? — dedilar.
— Yo‘q, — deb javob berdi xizmatchi.
— Qaerga qo‘yganingni eslaysanmi? — dedilar.
— Ha, anavi ko‘zaning ichiga, — dedi.
— Qo‘ygan yeringga qara unda, — dedilar.
Qarasa, ko‘za tubida hamyon yotar, ustiga o‘rgimchak in qurib olgan edi. Pulni olib voliylarga yetkazib berdi.

Sayfulloh Nosir tarjimasi

Manba: islom.ziyouz.com

Если вам понравилась статья, поделитесь ею с друзьями в социальных сетях.
Sirlar.uz