Fuzayl ibn Iyoz hikmatlari, eng sara hikmatlar to’plami

Fuzayl ibn Iyoz (vafoti 187/802) — Xurosonda tug‘ilib, Makkada vafot etgan ulug‘ tasavvuf shayxlaridan.


Sening nazaringda gunohlar kichraygani sari Alloh huzurida ulkanlashib boraveradi. Sening nazaringda kattalashgani sari esa, Alloh huzurida kichrayib boradi.
       
Odamlarga odamlarning yoqimlirog‘i odamlardan behojat bo‘lgani va ulardan hech narsa so‘ramaydiganidir. Odamlarga odamlarning yoqmaydigani ularga muhtoj bo‘lganidir. Alloh uchun odamlarning suyumlirog‘i Allohga muhtoj bo‘lgani va Undan so‘ragani, Allohga odamlarning yomonrog‘i Undan behojat bo‘lgani va hech narsa so‘ramaganidir.
       
Gunohni tark qilmasdan istig‘for aytaverish yolg‘onchilarning tavbasidir.
       
Senga nima yetsa, Allohning taqdiridan deb bil, xalqni malomat qilma. Tilingni saqla, xaloyiq undan salomat bo‘lsin, shunda Allohning azobidan omonda bo‘lasan. Rabbingning senga rizq beraman, degan va’dasini rost bil, shunda mo‘min bo‘lasan. O’limga tayyor tur, shunda g‘ofil holda o‘lmaysan. Qaerda bo‘lsang ham, Allohning zikrini ko‘paytir, shunda gunohlardan saqlanasan.
       
Allohning ismi zikr qilinadigan uy qorong‘i uydagilarga chiroq qanday nur bersa, osmon ahliga shunday yorug‘lik beradi. Allohning ismi zikr qilinmaydigan uy o‘z ahliga qorong‘ilik qiladi.
       
Insonlar sababli bir amalni tark qilish — riyodir va insonlar sababli bir amalni bajarish — shirkdir. Alloh bu ikkitasidan saqlagani -haqiqiy ixlosdir.
       
Aqllilar bilan bahslashib tortishmoq — aqlsizlar bilan birgalashib shirin taom yemakdan ming chandon yaxshiroq va foydaliroq.
       
Fikrlamoq bir oynadir, senga yaxshi va yomon amallaringni ko‘rsatadi.
       
Dunyo hayotining mas’uliyatsiz, iflos va g‘ayriaxloqiy yo‘rig‘iga kirish oson, lekin chiqish qiyin.
       
Dunyoda hech bir narsa yo‘qki, sendan ilgari uning egasi bo‘lmagan bo‘lsin. Yana hech bir narsa yo‘qki, sendan keyin egasi bo‘lmasin.
       
Dunyo molining sarmoyasi havoyi nafsdir. Topgani esa jahannam otashidir.
       
Agar dunyo halol bo‘lsa ham va oxiratda hisob so‘ralmasa ham, bordi-yu menga berilsaydi, siz najasotdan qanday jirkansangiz, men ham dunyodan shunday jirkanardim.
       
Kishilar orasida uch xiliga ko‘proq achinaman: oldin xalqining yo‘lboshchisi bo‘lib, keyin xorlikka yuz tutgan kishiga, oldin boy, keyin faqir bo‘lgan kishiga, dunyo o‘yinchoq qilib o‘ynagan olimga.
       
Odamlarga odamlarning yoqimlirog‘i odamlardan behojat bo‘lgani va ulardan hech narsa so‘ramaydiganidir. Odamlarga odamlarning yoqmaydigani ularga muhtoj bo‘lganidir. Alloh uchun odamlarning suyumlirog‘i Allohga muhtoj bo‘lgani va undan so‘ragani, Allohga odamlarning yomonrog‘i Undan behojat bo‘lgani va hech narsa so‘ramaganidir.
       
Qarindosh-urug‘ va do‘stlarning xato-ayblarini kechirish — muruvvat va oliyhimmatlilik belgisidir.
       
Eshigingni yopasan, pardalaringni tushirasan, odamlardan uyalasan, ammo qalbingdagi Qur’ondan, har bir maxfiy narsani bilguvchi ulug‘ Zotdan hayo qilmaysan.
       
Badbaxtning nishonasi besh narsadir: ko‘ngli qattiq bo‘lmoq, ko‘zi yoshsiz bo‘lmoq, besharm va behayo bo‘lmoq, dunyoga moyil bo‘lmoq, umidsiz bo‘lmoq.
       
Zamonning evrilishidan, do‘stlarning bevafoligidan qilayotgan shikoyating gunohlaringning senga qoldirgan merosidir.
       
Erkaklarning kamoloti shuki, kim ota-onasiga yaxshilik qilsa, silai rahm rishtalarini bog‘lasa, ahli ayoli va farzandlari bilan ham xulqini yaxshi qilsa, dinini saqlasa, molini haromdan isloh qilsa, uning ortig‘idan infoq-ehson bersa, tilini saqlasa, o‘z uyini lozim tutsa, ya’ni ishidan vaqtida kelsa, o‘sha erkaklarning komilidir.

Manba: islom.ziyouz.com

Если вам понравилась статья, поделитесь ею с друзьями в социальных сетях.
Sirlar.uz
Fikr bildirish

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: