Bir kishi Ibrohim Adhamdan nasihat so‘radi.
– Yopiq turganni och, ochiq turganni yop! – dedilar.
– Tushunolmadim? – dedi haligi kishi.
– Hamyoningning og‘zini och – saxiy va ochiqqo‘l bo‘l, to sendan yordam so‘raganlarga foydang tegsin. Og‘zingni esa yop, to tilingdan hech kimga aziyat yetmasin! – dedilar.
* * *
Ibrohim Adhamning yo‘lidan bir tosh chiqdi. Ustiga: “Toshni o‘girib, ortidagini o‘qi!” deb yozilgan edi. O‘girib: “Agar o‘rganganlaringga amal qilmasang, u holda nega o‘rganmoqchisan?” degan yozuvga ko‘zi tushdi. Shunda u: “Yo Alloh! Seni tanigan hech bir bandang haqing bilan taniyolmaydi. Shunday ekan, Sendan g‘ofil odamning holi ne kechadi?” deya yig‘ladi.
* * *
Ibrohim Adham bir kishi bilan do‘st bo‘ldi. Ancha muddatdan so‘ng, ajralishlariga to‘g‘ri keldi. Shunda do‘sti:
– Uzoq vaqt do‘st bo‘ldik. Menda biror kamchilik yoki xato ko‘rgan bo‘lsang, ayt, uni tuzatay, – dedi.
Shunda Ibrohim Adham:
– Men senga hamisha muhabbat ko‘zi bilan boqdim. Shu bois doimo yaxshiligingni ko‘rdim. Qachon qarasam, menga faqat fazilatlaring ko‘rindi. Aybingni bilishni xohlasang, boshqalardan so‘ra, – deb javob berdi.
Gulbahor Abdulloh tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2012 yil, 11-sonidan olindi.