Alisher Navoiy — Farhod va Xisrav aytishuvi

Alisher Navoiy - Farhod va Xisrav aytishuvi

Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonidan parcha.

Dedi: qaydinsen ey majnuni gumrah?
Dedi: majnun vatandin qayda ogah.

Dedi: nedur senga olamda pesha?
Dedi: ishq ichra majnunliq hamisha.

Dedi: bu ishdan o’lmas kasb ro’zi,
Dedi: kasb o’lsa basdur ish so’zi.

Dedikim: ishq o’tidin de fasona!
Dedi: kuymay kishi topmas nishona.

Dedikim: kuymakingni ayla ma’lum!
Dedi: andin erur joh ahli mahrum!

Dedi: qay chog’din o’ldung ishq aro mast?
Dedi: ruh ermas erdi tang’a payvast.

Dedi: bu ishqdin inkor qilg’il!
Dedi: bu so’zdin istig’for qilg’il!

Dedi: oshiqqa ne ish ko’p qilar zo’r?
Dedi: furqat tuni ishqi balosho’r.

Dedi: ishq ahlining nedur hayoti?
Dedi: vasl ichra jonon iltifoti.

Dedikim: Dilbaringning de sifotin!
Dedi: til g’ayratidin tutmon otin!

Dedikim: ishqig’a ko’nglung o’rundur?
Dedi: ko’nglumda jondek yoshirundur.

Dedi: vaslig’a borsen orzumand?
Dedi: bormen xayoli birla hursand.

Dedi: no’shi labidin topqay el bahr?
Dedi: ul no’shdin el qismidur zahr.

Dedi: joningni olsa la’li yodi?
Dedikim: ushbudur jonim murodi.

Dedi: ko’ksungni gar chok etsa bebok?!
Dedi: ko’nglum tutay ham ayla deb chok.

Dedi: ko’nglung fido qilsa jafosi?
Dedi: jonimni ham aylay fidosi.

Dedikim: ishqdin yo’q juz ziyon bud.
Dedi: bu kelsa savdo ahlig’a sud.

Dedi: bu ishq tarki yaxshiroqdur!
Dedi: bu sheva oshiqdin yiroqdur!

Dedi: ol ganju qo’y mehrin nihoniy,
Dedi: tufroqqa bermon kimyoni!

Dedi: joningg’a hijron kinakashdur,
Dedi: chun bor vasl ummidi xushdur.

Dedikim: shahg’a bo’lsa shirkat andesh!
Dedi: ishq ichra tengdur shohu darvesh!

Dedi: joningg’a bu ishdin alam bor,
Dedi: ishq ichra jondin kimga g’am bor?!

Dedi: kishvar beray, kech bu xavasdin!
Dedi: bechora, kech bu multamasdin!

Dedi: ishq ichra qatling hukmi etkkum!
Dedi: ishqida maqsudimg’a yetkum.

Dedi: bu ishda yo’q sendin yiroq qatl,
Dedi: bu so’zlaringdin yaxshiroq qatl.

Если вам понравилась статья, поделитесь ею с друзьями в социальных сетях.
Sirlar.uz