Ko’zlarga qarab suhbatdosh xarakterini aniqlash

Кўзларга қараб суҳбатдош характерини аниқлаш

Ko’zlar ko’ngildan so’zlar. Ko’zlar kayfiyatning eng nozik jihatlarini ko’rsatib berishga qodir. Fikrimizga isbot tariqasida badiiy san’at asarlarini eslash kifoya: yonib turuvchi nigoh, sovuq nigoh, samimiy, uyg’oq, mehrli va h.k. Ammo ilmiy asoslarga ko’ra ko’z hech qanday his-tuyg’uni ifoda etmaydi. Buni qanday tushunish mumkin, shuncha odam bu haqda xato fikr-da bo’lishganmi? Kitoblar va afsonalar aldaydimi? Aslo bunday emas. To’g’ri, yolg’iz ko’z soqqasi haqiqatan hech narsani ko’rsatmaydi. Ko’zlarning hissiy ta’siri suhbatdoshga munosabat va mimikalar yordamida vujudga keladi.
Katta ochiq ko’zlar his-tuyg’ularga beriluvchan, o’ta ta’sirchan, ma’naviy va aqliy idrokka tayyorlik, umuman olganda, qiziquvchanlikdan darak beradi. Katta ochiq ko’zlar bolalardagi ishonch, soddalikning belgisi. Ammo ko’pincha ba’zi bir uchiga chiqqan beandisha odamlar ham aybni o’zidan soqit qilish maqsadida ana shu qarashdan
foydalanadilar.
Bekitilgan, «pardalangan» ko’zlar yuqori qovoq bir oz bo’shashib pastga osilib, ko’zning yuqori qismini yopib turadi. Bunday ko’zlar beparvolik, ruhsizlik, lohaslik, noumidlik va manmanlikdan darak beradi. Katta ikkilanish tuyg’usi bilan turgan odamning qovoqlari ham yuqorida ta’kidlangan holatda bo’ladi. U uchun dunyoga yoki suhbatdoshiga odatdagiday ochiq ko’zlar bilan qarashning hech qizig’i yo’q. Atrof-muhit unga faqat qisman daxldor. Aynan ana shunday ko’z ifodasi bilan birga quyidagi holatlarga ham e’tibor berish kerak: nigoh yuqorida, og’iz burchaklari orqaga tortilgan, manglayda gorizontal chiziqlar, og’izni bir tarafga qiyshaytirgan holda tabassum yoki kulgi, lablar deyarli butunlay yopiq, yuz bir yonga burilgan. Qilib qo’ygan aybi uchun tanbeh eshitganda qattiq ta’sirlangan odamda ham yuqoridagi holat kuzatiladi, chunki mushaklar harakat qobiliyatini yo’qotganida ko’zni to’la yopib olish mumkin emas!
Ozgina ochilgan og’iz, quyi solingan bosh ko’ngli bo’shlik va ma’nosizlik, istaksizlik, itoatkorlikdan dalolat beradi. CHaqchaygan ko’zlar axborotni qabul qilishda diqqat bilan tinglash, mayda-chuydasigacha o’tkazib yubormaslikka urinish holatida kuzatiladi. Ko’pincha chaqchaygan ko’zlar bilan birga ochiq og’izni kuzatish mumkin. Bu butun vujud bilan berilib ketganlik, hech narsani qo’yib yubormaslikka borlig’i bilan harakat qilish tufayli yuzaga keladi.
Kutilmagan hayratlanarli holatlarga duch kelganda (masalan, bolalar birinchi marta chiroyli bezatilgan yangi yil archasiga
duch kelishganida yoki ko’chada kutilmagan odamga duch kelganda); qattiq xursandchilikda (masalan, futbolda hal qiluvchi gol urilganida); qo’rquvda (masalan, dorbozning dor ustida sakrashini tomosha qilayotib) ko’zlar lang ochilib ketishi mumkin.
Lang ochilgan ko’zlar biror nimani tushunishga urinmagan, juda oddiy holatlarda ham uchrashi mumkin; biror noma’lumlikni tushunganda: «A-ha! Mana, qaerga yashirib qo’yishgan ekan».
Ba’zan berilgan savolga javob kutayotganda ko’zlar chaqchayadi: «Gapiring axir, men kutayapman!»
Qisilgan ko’zlar haddan ziyod g’ashga teguvchi narsalarga nisbatan majburiy himoya chorasidir: o’tkir yorug’lik, achchiq tutun, ko’zga biror nima kirsa (masalan, sovunli ko’pik). Bundan tashqari qisiq ko’zlar jismoniy og’riq, yoqimsiz o’y va yoqimsiz kechinmalarni ko’rsatib berishda
ham xizmat qiladi.
Ko’zoynagi yechilgan uzoqni ko’ra olmaydigan ko’zlar ham qisiladi. Bu paytda qorachiqlar nigoh tashlangan tarafda jamlanadi.
Bunday nigohlar kuzatayotgan bo’lishi ham mumkin: butun diqqat-e’tibor bir nuqtada bo’ladi. Agar nigoh yon tomonga ham tashlanadigan bo’lsa, bu – makr va shumlikning belgisi.
SHuningdek, butun ruhiy va aqliy kuch belgilangan bir fikrga sarflanganda ham nigohlar qisilib, tasavvuriy nuqtaga uzoq vaqt termilib qolinadi. Xayolga o’rnashib qolgan biror-bir fikr xususida jiddiy qayta o’ylab ko’rish, o’zini-o’zi cheklash, qattiq tanqid, shafqatsizlik bo’lishi mumkin.
Qisilgan ko’zlar bo’lib o’tgan yoqimsiz hodisalar, ayniqsa, kutilmagan savollar xususida eslanayotganidan ham darak beradi. Inson xayolan o’tmishiga qaytganida, hammasini ipidan ignasigacha eslashga tirishganida boshini engashtirib, ko’zini uzoq vaqt qisib turadi.
Bir ko’zning qisilishi, imlash asosan kimgadir maxfiy tushunchalar to’g’risida darak beradi. «Imlash» bu bir ko’z qisilishining bir ko’rinishi
bo’lib, undan sirli tushunchalarni yetkazishda foydalaniladi.
Bunday ko’z qisish odatda o’ynoqiroq, qallobroq, o’ziga bino qo’ygan, ochiqchasiga shilqim odamlarga xos va shuningdek, aldoqchilarga ham. Ammo bu harakat biror-bir kishiga o’zini bus-butun tushuntirish, ayyorligini anglatish uchun ham ishlatilishi mumkin.
Erkin yumilgan ko’zlar. Uyqu paytida har qanaqangi xotiralardan yiroq ko’zlar erkin yumilgan bo’ladi. Bunda ko’zlar o’zini tashqi ta’sirlardan ajratadi va diqqatni jalb etadigan o’ylardan asraydi. Xuddi shunday ko’zini yumganlar ham o’zini hech kim bezovta qilishini istamaydi. Balki u o’ylab olishi kerakdir (doklad eshitayotib, jiddiy suhbat jarayonida), ehtimol shunchaki rohatlanishni istayotgandir (yaxshi qo’shiq tinglayotib yoki saunada). Erkin yumilgan ko’zlardan «signal» berish uchun foydalanayotgan bo’lish ham mumkin: rozilik va tushunishning sezilmas ifodasi, ayrim hollarda bu bilinar-bilinmas bosh chayqash bilan bajarilishi ham mumkin.
Ko’zni pirpiratish – bu tanaga notanish ta’sir tufayli paydo bo’lgan reaksiyaning ko’rinishi yoki quyidagi ruhiy jarayonlar belgilari: biror nimaga salbiy aloqadorlik, ishonchsizlik, xijolatlik, notoza vijdon,
asabiylashuv.
Bir oz qisilgan (yarim ochiq) ko’zlar yoqimsiz, achchiq, sovuq xotiralarni namoyon etadi. Ishonchsiz tekshiruv, xiralik va tajovuzkorlikning qandaydir darajasini ifoda etadi. Qasd, makr yoki do’q-po’pisani o’zida yashiradi. Bu paytda ko’zlar ochiqchasiga tikilib turadi va qovoqning ochiq qolgan qismidan istalgan ma’lumotni ang lab olish qiyin kechadi. Bunday nigohni ishga solgan odam boshqalarning maqsadini bilish va o’zinikini yashirishni istaydi.
Ko’z qorachig’i ma’lumotga nihoyatda boy. Insonning kayfiyati yoki suhbatdoshiga bo’lgan munosabatiga qarab qorachiqlar ifodasi ham o’zgaradi. Kuchli hayajonlanganda qaroqlarimiz kengaya boshlaydi, salbiy munosabatlarda esa qisiladi. Ko’zlar munchoqqa aylanishi mumkin, nigoh ayyorligicha qolaveradi. Sotuvchi mollarni ko’zdan kechirayotgan xaridorning ko’zlariga e’tibor berib qarasa, u nimani sotib olishi mumkinligini ishonch bilan aytib berishi mumkin – o’zini qiziqtirgan molni ko’rganda xaridorning qorachiqlari kengayib ketadi.
Xuddi shunday muloqotdan, tinglangan xabardan, qo’shiqdan, iste’mol qilingan ovqatdan mazza qilganda; kuchli qo’rquv va og’riqdan; bir qancha dorilar va narkotik moddalar qabul qilinganda ko’z qorachiqlari kengayadi. Qorachiqlarning betartib harakati mastlikdan darak beradi.

Foydalanilgan adabiyot

Insonni o’rganish ilmi. Tuzuvchi: Oydinniso Yo’ldosheva. Toshkent: YAngi asr avlodi, 2016.

Если вам понравилась статья, поделитесь ею с друзьями в социальных сетях.
Sirlar.uz

;-) :| :x :twisted: :smile: :shock: :sad: :roll: :razz: :oops: :o :mrgreen: :lol: :idea: :grin: :evil: :cry: :cool: :arrow: :???: :?: :!: