Qo’shnilar va qo’shnichilik haqida maqollar

Qo'shnilar va qo'shnichilik haqida maqollar

Avliyo ham qo’shnisini qo’llar.

Gilam sotsang, qo’shningga sot,
Bir chetida o’zing o’tirasan.

Yomon qo’shni yovdan yomon.

Yon qo’shni — jon qo’shni.

Ovulga aytsang, oshar,
Qo’shniga aytsang, qo’shar.

Olovga tegsang, o’char,
Qo’shningga tegsang, ko’char.

Yaxshi qo’shni — ota-ona,
Yomon qo’shni — boshga balo.

Yaxshi qo’shni uzoq qarindoshdan yaxshi.

Yaxshi qo’shniga yalinguncha,
Yomon uyingni axtar.

Yaxshi hamsoya guldir,
Yomon hamsoya cho’ldir.

Yaxshi hamsoya orasidan
Qisir echkining qili o’tmas.

Qorong’ida qichqirsang,
Hamsoyang tovush berar.

Qudangdan qo’y so’rama,
Qo’shningdan uy so’rama.

Qo’shni devor tagini kavlasang,
O’zingga darcha ochilar.

Qo’shni keldi — ko’mak keldi,
Et keldi — suyak keldi.

Qo’shni oshi — qo’shniga qarz.

Qo’shni qo’shnidan erta turishni o’rganar.

Qo’shni — qo’shnining bozori.

Qo’shniga qarama, o’ngishiga qara.

Qo’shniga qasd etma, bast et.

Qo’shniga qo’shnining tovug’i ko’rkli ko’rinar.

Qo’shnida pishar,
Bizga ham tushar.

Qo’shnimning bilgani — hammaning bilgani.

Qo’shning yomon bo’lsa, yomonlik kelar,
Qo’shning yaxshi bo’lsa — omonlik.

Qo’shning ko’r bo’lsa, ko’zingni qis.

Qo’shning yaxshi bo’lsa, ko’r qizing ham erga tegar.

Qo’shningga yomonlik sog’inma.

Qo’shningni yanima, kinoya so’z dog’ etar,
Qurbing yetsa ko’maklash, eshigingni bog’ etar.

Qo’shnining minnatli oshidan
Chumchuqning soyasi afzal.

Qo’shnining oshi — totli.

Qo’shnining oshi — g’avg’oning boshi.

Qo’shnining tovug’i g’oz ko’rinar,
Kelinchagi — qiz.

Qo’shnisi yaxshi qarimas.

Hovli olma, qo’shni ol.

Если вам понравилась статья, поделитесь ею с друзьями в социальных сетях.
Sirlar.uz