Barakalla, bo‘tam — O‘zbek xalq ertagi

Kunlardan bir kuni ikki ota o‘z o‘g‘illarini Ibn Sinoga shogirdlikka bermoqchi bolishibdi. Ulardan biri katta boy, ikkinchisi kambag‘al edi.
— Ey, ulug‘ tabib, huzuringizga bolalarimizni olib keldik, shogirdlikka qabul qilsangiz. Zora sizga o‘xshab tabib bo‘lib yetishsalar, — deyishibdi.
Ibn Sino rozilik bildiribdi va ularni sinab ko‘rib sho¬girdlikka olishini aytibdi. Ibn Sino kim shogird bo‘lmoqchi bo‘lsa, oldin sinovdan o‘tkazar, so‘ng tabiblik ilmini o‘rgatar edi.
— Bolalarim, — debdi kelgan yigitlarga qarab.— Tog‘-u toshlar kezing, cho‘l-u biyobonlar oralang-da, har biringiz ming donadan o‘t-giyoh terib kelingiz…
Ibn Sino shunday debdi-da, yigitlarning qo‘liga xalta tutqazibdi.
Oradan bir necha kun o‘tibdi. Bolalarning birinchisi kelib, yig‘gan shifobaxsh giyohlarini Ibn Sinoning oldiga to‘kibdi. Buni ko‘rgan Ibn Sino quvonib so‘rabdi:
— Barakalla, o‘g‘lim, eng sara dorivor giyohlarni teribsan. Endi bir savolimga javob berchi. Oyoq qabarganiga nima davo bo‘ladi?
— Mening tabiblikdan xabarim yo‘q, — debdi bola,— sizga endi shogird tushdim-ku.
Ibn Sino:
«Shu o‘n kunda tabobat ichida yurib tabiblikdan alifni o‘rganmabsanmi, sendan tabib emas, olibsotar chiqadi», — debdi ko‘nglida. So‘ng ovozini chiqarib:
— Senga javob, o‘g‘lim, ketaver! Borib olibsotarga shogird bo‘l! — debdi.
Oradan bir kun o‘tgach, kambag‘al kishining o‘g‘l yetib kelibdi. U to‘plagan o‘tlarini hakimning oyog‘i ostiga to‘kibdi. Ibn Sino xursand bo‘lib:
— Barakalla, bo‘tam, qani menga ayt-chi, oyoq qa¬barganiga nima davo bo‘ladi? — deb so‘rabdi.
— Yovvoyi rayhon yoxud yalpizni suvga ivitib, ozgina tosh tuzidan qo‘shib yuvish kerak, — javob qilibdi bola.
— Cho‘l-u biyobonda qolib, suv topolmading deylik, chanqoqni nima bilan qondirish mumkin? — yana savolga tutibdi Ibn Sino.
— Yantoqning suvi chanqoqni qondiradi, ham darmon bo‘ladi, — dadil javob beribdi bola.
— Rahmat, o‘g‘lim, sen endi menga shogirdgina emas, farzand ham bolding! — debdi tabib.

Если вам понравилась статья, поделитесь ею с друзьями в социальных сетях.
Sirlar.uz