Sudxoʻr (ibratli hikoya)

Sudxoʻr (ibratli hikoya)

Sardor yetimlikda togʻasining qoʻlida katta boʻldi. Oʻsha damlarni eslaganda xayolida qarama-qarshi tuygʻular tugʻyon urardi. Tengdoshlari oʻqish boshlanishida yangi kiyimda, yaltiroq papkalarni tutib oʻqishga borsa, u togʻasining oʻgʻli Jamshidning eski boʻlsa-da, yuvilgan va yaxshilab dazmollangan kiyimlarini kiyib, eski papkasini koʻtarib chiqardi. Bundan uning murgʻak qalbi ezilar, lekin noiloj…

Togʻasi ham joʻjabirdek jon, besh nafar farzandi qatori Sardor ham uning qoʻliga qaram. Bir qushga ham don, ham suv deganlaridek…

Mana shunday kezlarda togʻasining katta qizi, Xatira opasi uni bagʻriga bosar, yuz-koʻzidan oʻpib:

– Biroz chida, ukajon, sal katta boʻlsang, hammasi iziga tushib ketadi, siqilma, – deya maktabga kuzatib qoʻyardi. Hatto bir yili oʻqish boshlanishi oldidan Xatira opasi unga oʻzining yap-yangi sumkasini sovgʻa qilgandi.

Mana shunday vaqtlarda Sardorning murgʻak qalbida Xatira opasiga bitmas-tuganmas mehr uygʻonar va ichida:

– Katta boʻlsam, Xatira opamga, albatta, aytgan narsasini olib beraman, – deya koʻngliga tugib qoʻyardi.

Sardorning onasi Habiba opa u uch-toʻrt yoshligidayoq ogʻir dardga chalinib, bu dunyodan koʻz yumgandi. Otasi Zokir aka esa boshqa oila qilib, oʻgʻlidan, hatto xabar olishni xayoliga ham keltirmasdi. Lekin bola emasmi, gohida Sardor otasini koʻrgisi kelar, lekin uning bemehrligi sabablimi, bundan oʻzini tiyardi. Zokir aka oilasi bilan uch-toʻrt mahalla narida yashardi. Bir kuni Sardor Xatira opasiga:

– Opa, gohida dadamni koʻrgim keladi. Lekin… – Shunday dedi-yu, koʻziga milt-milt yosh keldi. Uning gapini eshitib, Xatira opasi:

– Ukajon, mana men bilan, akalaring bilan yashayapsan. Ahilligimizga koʻpchilikning havasi keladi. Shu yetmaydimi? – deb yupatdi.

– Opajon siz, akalarim Shuhrat, Gʻafur, Hotam va Jamshid oʻz ota-onangiz bilan yashaysizlar. Nega men yolgʻizman, aybim nima? – dedi zor qaqshab.

Xatira uni yupatdi. Keyin astagina:

– Sardor, mabodo dadangni koʻrging kelsa, mayli. Boramiz-u, qaytamiz, kelishdikmi? – dedi xazin ovozda.

– Xoʻp, – dedi Sardor shoshilib. – Nima desangiz, shuni albatta bajaraman.

Dam olish kuni edi. Xatira Sardorni olib joʻnadi. Koʻchalarni aylanib, bir soat deganda hayhotdek darvoza oldida toʻxtashdi. Shu vaqt ichkaridan basavlat, bashang kiyingan kishi chiqib keldi. Uni koʻrib, nima qilishini bilmay qolishdi. Otasi ularga oʻqrayib bir tikildi-da, mashinasiga oʻtirib joʻnadi.

– Opa, ketdik, – dedi Sardor keskin. Uning kelganidan pushaymonligi shundoqqina sezilib turardi. Otasining bu tikilishi Sardorning qalbida bir umrga muhrlanib qoldi. Maktabni tugatib, oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirdi. Uni muvaffaqiyatli tamomlab, ikki yil Qarshi shahrida ishlab ham keldi. Uylandi, ikki oʻgʻil, bir qizli boʻldi. Ayoli Xolida iboli, mulohazali ayol chiqdi. Yotoqxonada yashashdi. Nihoyat omadi kelib, poytaxt markazidagi koʻpqavatli uylarning biridan joy berishdi. Bu vaqtga kelib togʻasi bandalikni bajo keltirgan, Xatira opasi bola-chaqali boʻlib ketgandi. U uy olganida, oʻzidan ham koʻra Xatira opasi suyundi.

Bir kuni birga ishlaydigan doʻsti Asadulla unga:

– Sardor, mana, orzularing birin-ketin ushalmoqda. Bundan nihoyatda xursandman. Endi mashina ol, doʻstim, – deya maslahat berdi.

– Hali erta, bunga. Pul topish kerak. Tekinga mashina beradigan azamat qayda? – dedi kulimsirab.

– Bir odamni taniyman, qarindoshim. Mashina oldi-sotdisi bilan shugʻullanadi. Sen mashina haqini oy sayin toʻlab borasan, – dedi shoshilib.

– Joʻyali fikr, – oʻyladi Sardor. Ayniqsa, Xatira opasini mashinada olib yurishni xayolidan oʻtkazib, doʻstiga:

– Mayli, gaplashaylik, – deya rozi boʻldi.

Ertasiga ertalab oʻrtogʻining qarindoshinikiga yoʻl olishdi.

Hayhotdek imorat. Ichkariga asta kirishdi. Peshayvondagi xontaxta yonida yoshi yetmishlarga yaqinlashgan bir kishi allaqanday kitobni mutolaa qilib oʻtirardi.

Sardor bu yerda oʻzini allanechuk noqulay sezdi. Asadulla buni payqadi, chamasi, kulimsirab haligi kishiga:

– Doʻstim Sardor, birga ishlaymiz, amaki. Ogʻaynim mashina olmoqchi. Shunga yordamlashib yuborsangiz, – dedi.

U qoʻlidagi kitobni bir chekkaga qoʻydi-da, xontaxta ustidagi dasturxonni koʻtardi. Yasatigʻlik patnis oʻrtasidagi choynakni olib, ularga zarhal piyolada choy uzatdi.

– Juda yaxshi-da, oʻgʻlim. Iltimos qilib kelibsizlar, qoʻlimdan kelgancha yaxshilik qilganim boʻlsin. Buning ustiga, oʻrtogʻing boʻlsa, – dedi xushmuomalalik bilan. Uning chehrasi Sardorga allanechuk tanishdek tuyuldi.

U yoq-bu yoqdan biroz gaplashib oʻtirishgach, haligi kishi muddaoga koʻchdi.

– Yangi bir mashina bor. Shuni senga beraman, – dedi tuyqusdan Sardorni sensirab. – Lekin narxi sal baland, nima deysan?

Sardor biroz oʻylanib qoldi. Ozroq yigʻib qoʻygani bor. Har oyda oyligining yarmini berib tursa, buning ustiga, kechqurun va ertalablari biroz kira qilsa, mashina haqini uzib yuborsa boʻladi.

Yana Xatira opasining suyunishini xayoliga keltirarkan, koʻndi.

Bir kundan soʻng Sardorlarning yoʻlagi oldida yangigina mashina turardi. Kunlar oʻta boshladi. Sardor har oyda mashinaning oylik haqini toʻlab borardi. Bir kuni uning roʻparasidagi uyda yashovchi qoʻshnisi Nazir toʻsatdan:

– Bozorda mashina narxi tushib ketdi, eshitdingmi? – deb gapirib qoldi.

Sardor ham orqavoratdan shunday gaplarni eshitib yurardi. Yaqindagina oyligining yarmi mashina haqiga yetib turuvdi. Endi esa… Roʻzgʻordan baraka ketdi.

Ustiga ustak, bir oy betob boʻlib, ishga borolmay qoldi. Maosh ham oʻziga yarasha. Sardor tavakkal qilib, mashina egasinikiga yoʻl oldi. Maqsad – bu oy mashina haqini toʻlashni keyinga surish edi. Lekin chol buni hatto eshitishni ham istamadi.

– Oʻgʻlim, boshida lafz qilgan edik. Yigit kishining soʻzidan qaytishi… – dedi unga maʼnoli tikilib. – Qarindosh-urugʻ, doʻst-birodarlaringiz bordir axir. Qarz oling…

Sardor qanday qilib oʻrnidan turib, bu xonadondan chiqib ketganini oʻzi ham sezmay qoldi. Chunki mashina egasining qarashida bir vaqtlar yoshligida Xatira opasi bilan dadasini koʻrgani borganidagi holatni butun vujudi bilan sezdi. Endi unga uy ham, uning egasiyam ilgarigidek fayzli koʻrinmasdi.

 

Neʼmat RAFIQOV

Если вам понравилась статья, поделитесь ею с друзьями в социальных сетях.
Sirlar.uz