Mehmon (ibratli hikoya)

Mehmon (ibratli hikoya)

Ochigʻini ayta qolay, bolaligim uncha toʻkin-sochinlikda oʻtmagan. Otam oddiy suvchi, onam esa uy bekasi edi. Noliydigan joyim ham yoʻq – qornim toʻq, ustim but boʻlgan. Ammo otam huda-behudaga choʻntagimga pul solib qoʻymasdi. Biz, bolalar bunga koʻpam ahamiyat beravermasdik, albatta. Lekin uyimizda navbatdan tashqari bayramlar tez-tez boʻlib turardi. Eshigimizdan uzoq qarindoshmi, tanish yoki notanish kishining kirib kelishi rosmana bayramdan sira qolishmasdi.

– Tez dalaga yugur, otangga: “Uyimizga mehmon keldi”, deb ayt, – deb tayinlardi-da, onam mehmonning kimligini aytib oʻtirmasdi.

Men xuddi quvonchli xabarni yetkazib suyunchi oladigandek oyogʻimni qoʻlimga olib chopardim. Otam ham kelgan mehmonning kimligini surishtirib oʻtirmasdi. Muhimi, biznikiga mehmon kelgan. Ish oʻz yoʻliga, borishi kerak.

Biz uyga yetib kelganimizda onam, albatta, biron tansiq taom tayyorlash niyatida oʻchoq boshida kuymalanayotgan boʻlardi. Eng ajablanarlisi, mehmonning oldiga yozilgan dasturxondagi noz-neʼmatlarni koʻrib ogʻzimning tanobi qochardi. Ham hayratim oshardi. Shuncha narsa bizning uyda boʻlishi mumkin emas. Axir kuni kechagina onam otamga: “Qachon maosh olasiz? Roʻzgʻorda yogʻ, goʻsht, hatto choy ham tugadi”, deyotgani qulogʻimga chalinganday boʻlgandi. Demak, onamning har doim mehmon uchun tishining kovagida asrab qoʻyganlari boʻlgan. Yetmaganini qoʻni-qoʻshnilardan qarzga olgan. Nima boʻlgan taqdirda ham mehmonning hurmatini joyiga qoʻyiladi.

Yana men gijinglagan toychoqdek xizmatga shay turardim.

– Quvondiq, – derdi otam, – endi qoʻshnilarnikiga uyma-uy kirib chiq. “Biznikiga mehmon keldi”, degin. Yana birontasi bexabar qolib oʻpkalab yurmasin.

Mening – ogʻzim qulogʻimda, koʻchaga yuguraman. “Ura, biznikiga mehmon keldi!”

Vazifamni uddalab qaytgach, oradan hech qancha vaqt oʻtmay, qoʻshnilar uyimizga birin-ketin kirib kelishadi. Kelganda ham quruq qoʻl bilan emas, mehmonga atalgan biron taom olib kirishadi. Ichkaridagilar tanovul qilib boʻlishgach, men yelkamga sochiqni tashlab, qoʻlimda oftoba va daschoʻy koʻtarib mehmonxonaga kiraman. Sizga bir sirni aytay, boshqa payti ham bu xona bezatigʻliq turadi. Faqat onam toʻpolon qilishimizdan choʻchib mehmonxonaga kirishimizga ruxsat bermaydi.

Xullas, otam “Endi yosh bolaliging qolmadi. Uyimizga mehmon kelganida qoʻliga suv quyib duosini ol. Savob boʻladi”, deb tayinlagan. Darhol ishga kirishaman. Tartib-qoidani qunt bilan oʻrganganman. “Barakalla, koʻp yasha, katta yigit boʻl!” deyishadi menga hamma. Ich-ichimdan sevinsam-da, hecham taltayib ketmayman.

Soʻng gurung boshlanadi. Quloq solgim keladi. Ammo menga kattalarning gapini eshitish mumkinmas. Biron narsa kerak boʻlsa, otam “Quvondiq!” deb ovoz beradi. Darhol bajaraman. Baʼzan eshitmay qolgudek boʻlsam, “Koʻz-quloq boʻlib turgin-da! Mehmondan uyatga qolmaylik”, deb otam tayinlab ketadi. Nihoyat, qoʻshnilarning uy-uyiga tarqalish payti yetib keladi.

– Ertalab nonushtani biznikida qilamiz, – deydi kimdir mehmonga.

– Keyin biznikiga oʻtasiz, – deydi yana birov.

– Axir sen ertaga shaharga bormoqchi eding-ku, – eʼtiroz bildiradi unga yonidagi kishi.

– E, shahar boʻlsa, qochib ketmas. Bu yoqda mehmon turganda…

Men hayron qolaman. Mehmon ularning qay birinikiga kirib-chiqishga ulguradi? Tagʻin deng oʻsha borgan xonadonidan biron narsa yeyishi kerak. Yeyaverib-yeyaverib yorilib ketishidan qoʻrqaman. Axir mehmon ularniki emas, bizniki!

Mening mehmonga yana bir havas qiladigan tomonim bor. U yumshoqqina koʻrpada, par yostiqda maza qilib yotadi…

Uyquga ketishidan oldin otam yana menga tayinlaydi:

– Ertaga yana falonchining oʻgʻli uyquchi ekan degan gapga qolib yurmaylik. Mehmon yuz-qoʻlini yuvishi uchun iliq suv tayyor tursin.

Tong yorishar-yorishmas onam ishga kirishib ketadi. Tandirdan hozirgina uzilgan issiq non, sigirning yangi sogʻilgan suti mehmonga muntazir.

Bir payt qoʻshnilarimizdan biri mehmon va otamni uyiga ergashtirib ketadi. Shu ketgancha kechki payt darvozadan otam yolgʻiz oʻzi kirib keladi.

– Mehmon qani? – deydi onam hayron boʻlib.

– Hozir Alimardonnikida, keyin Xolmatnikiga oʻtadi.

– Axir men kelib qolishar deb ovqat tayyorlab oʻtiribman.

– Ha, endi ularning ham mehmon koʻnglini ovlagisi keladi-da. Men birrovga uydan xabar olgani kelgandim. Xoʻp, mehmonning yonida boʻlishim kerak, – deb otam shosha-pisha ortiga qaytadi.

Ertasi, indini ham shu ahvol takrorlanaveradi. Uyimizga kelgan mehmon zoʻrgʻa zarur ishlari borligini aytib, ketishga ruxsat oladi. Shunda ham yanagi safar kelganida bemalolroq boʻlib kelish sharti bilan.

Otam ancha kun dasturxon atrofida mehmonni qanday kutib olganimizni yodga olib, koʻngli toʻlmagan joylari boʻlsa, afsuslanib ham qoʻyadi… Yana bir odatlari bor edi. Uyimizga qancha koʻp mehmon kelsa, shuncha suyunadi. “Mehmon ulugʻ, uyga kelgan mehmonning rizqini Yaratganning oʻzi beradi”, degan purmaʼno soʻzlarni otam koʻp bora tarorlaydi.

 

***

Mana, oradan yillar oʻtdi. Uylanib, bola-chaqali boʻldim. Xudoga shukr, kasb-korimdan, topish-tutishimdan hecham nolimayman. Faqat… baʼzan uyimga kelgan mehmonni risoladagidek kutib ololmayotganimdan dilim xira tortadi. Holbuki, hamma narsam yetarli. Ammo har safar mehmon kutgan paytlarimda nimadir yetishmayotgandek boʻlaveradi. Nima… Bilmadim…

 

Если вам понравилась статья, поделитесь ею с друзьями в социальных сетях.
Sirlar.uz